- To palang suv ombori
- «To‘palang» suv omboridagi vaziyatga GESning suv quvuri to‘sini shikastlanishi sabab bo‘ldi — «O‘zbekgidroenergo»
- «O‘zbekgidroenergo» munosabati
- Energetika vazirligi munosabati
- To‘palang suv omboridagi avariya: vahima uchun asos bormi?
- Surxondaryodagi To‘palang suv omborida qurilgan to‘g‘on yorilib ketgani haqidagi xabarlar rad etildi (video)
To palang suv ombori
To‘palang suv omborida suv miqdori norma darajasida, ombordan chiqayotgan suv ham meyoridan oshgani yo‘q — mutasaddi rahbarlar. 22.06.2022, Sputnik O‘zbekiston
TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. To‘palang suv omborida vaziyat tinch, xavotirga o‘rin yo‘q, deb xabar bermoqda Suv omobri direktori hamda hudud Favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbari. Eslatib o‘tamiz, ugun, 22-iyun kuni soat 08:14 atrofida Surxondarodagi To‘palang suv omboridan chiqayotgan suv miqdori keskin oshgani haqida xabar berilga edi.Qayd etilishicha, To‘palang suv ombori qoshida barpo etilgan To‘palang GESda 2-komponent modernizatsiya loyihasi amalga oshirilayotgani munosabati bilan bosimli quvurda sinov ishlari o‘tkazilgan vaqtda bosim quvuri to‘sini orqali 40 metr kub suv chiqqan.Ayni paytda ushbu nosozlik to‘liq bartaraf etilgan. 40 metr kub suv to‘liqligicha kanalga yo‘naltirilgan.Ma’lumot uchun, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi «To‘palang» suv ombori 1982-yilda qurib boshlangan. Suv omboriing maksimal sig‘imi 500 million kub metrni tashkil qiladi. (Bugungi kunda 375 mln m3 suv yig‘ilgan) Suv ombori to‘g‘onining balandligi 165 metr, yana 22 metr yer ostiga poydevor qilingan, ikkalasi qo‘shilganda 187 metrni tashkil qiladi. Suv ombori 2019-yilda 450 mln. m.kub suv yiqqan.To‘g‘on boshqaruvi avtomatlashtirilgan bo‘lib, xorijdan keltirilgan nazorat, o‘lchov, kuzatish moslamalari jarayonni muntazam nazorat qilib boradi. Bundan tashqari to‘g‘on o‘rtasiga ham maxsus datchiklar o‘rnatilgan bo‘lib, va ular yer qimirlashi va boshqa ma’lumotlarni qayd qilib boradi. Seysmostansiya ham zilzilaning to‘g‘onga ta’sirini kuzatib boradi. To‘g‘onga ortiqcha suv kelgan holda uing ostidagi suv o‘tkazgichlar va kanal orqali chiqarib yuboriladi. «Xalq so‘zi» ma’lumoti asosida.
«To‘palang» suv omboridagi vaziyatga GESning suv quvuri to‘sini shikastlanishi sabab bo‘ldi — «O‘zbekgidroenergo»
«To‘palang GES» unitar korxonasi direktori Asror Ulug‘ov va Sariosiyo tumani FVB boshlig‘i ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan To‘palang suv omboridan suv chiqayotgani aks etgan videolar bo‘yicha bayonot berdi.
«Bugun ijtimoiy tarmoqlarga chiqqan To‘palang suv ombori haqidagi xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida soat 10:28 da jonli efirda chiqyapman. Mana, suv omborida ko‘rib turganingizdek hammasi joyida. Har doimgidek nazorat o‘lchov ishlari olib borilib, suv omborida hech qanday [favqulodda] holat bo‘lgani yo‘q», — dedi GES rahbari.
Chapdan o‘ngga: «To‘palang GES» UK direktori va Sariosiyo tumani FVB boshlig‘i.
«Suv omboridan chiquvchi daryomiz 600 metr kubga mo‘ljallangan, hozirda kanaldan 160 metr kub sig‘imda suv oqyapti. Hech qanday vahimaga hojat yo‘q. GESda bo‘lgan holat bo‘yicha ishlar olib borilyapti. 1−1,5 soat ichida bu holat bartaraf etiladi. [Bu bo‘yicha] yana qo‘shimcha ma’lumot beramiz», — dedi Asror Ulug‘ov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, suv ombor sig‘imi 500 mln metr kubga mo‘ljallangan, hozirgi kunda 378 mln metr kub suv yig‘ilgan. «Bu degani [suv omborida] yana 120−130 mln metr kub suv sig‘imi mavjud. Suv omborida hech qanaqa ortiqcha holat kuzatilgani yo‘q», — deya qayd etdi u.
Shuningdek, holat bo‘yicha Sariosiyo tumani FVB boshlig‘i, podpolkovnik Rahmonov ham munosabat bildirdi. «Ushbu holat bo‘yicha kelib, tekshiruv ishlari olib bordik. Xalqimizni vahima qilishiga hech qanaqa hojat yo‘q. Hamma tomoni yaxshi. Suv ombor dambalari o‘z joyida turibdi», — dedi u.
«O‘zbekgidroenergo» munosabati
Holat bo‘yicha «O‘zbekgidroenergo» AJ batafsilroq izoh berib, ko‘p miqdorda suv toshishiga nima sabab bo‘lganini tushuntirishga urindi.
«Modernizatsiya loyihasi doirasida sinov ishlari olib borilayotgan bosimli suv quvuri to‘sini shikastlanib, qo‘shimcha 40 metr sekund atrofida suv miqdori GES binosi orqali chiqqan. Barcha kuchlar safarbar qilinib, ayni vaqtda muammo bartaraf etilmoqda. Natijada umumiy suv sarfi 160 metr kub sekundga ko‘tarilgan hamda To‘palang daryosiga yo‘naltirilgan», — deyiladi xabarda.
Ushbu holatda To‘palang suv ombori to‘g‘oni bilan bog‘liq biror-bir muammo kuzatilmagani qo‘shimcha qilingan.
Ta’kidlanishicha, 160 metr sekunddagi suv sarfi miqdori To‘palang daryosi o‘zani uchun mutlaqo xavfsiz hisoblanib (daryoning suv o‘tkazish qobiliyati 600 metr sekund), omborning pastki qismda yashovchi aholi xonadonlari va korxonalar uchun hech qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
«Ushbu voqea natijasida shikastlanganlar va jabr ko‘rganlar mavjud emas. Vaziyat to‘liq nazorat ostida», — deyiladi xabarda.
Energetika vazirligi munosabati
«Bugungi kunda To‘palang GESda modernizatsiya qilish va GES quvvatini 30 MVtdan 175 MVtga oshirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, modernizatsiya jarayonida bosimli suv quvuriga o‘rnatilgan vaqtinchalik tiqinning shikastlanishi natijasida soniyasiga 40 kub metr suv sizib chiqqan», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirda bosimli quvurdan suv sizib chiqish to‘xtatilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu holat to‘g‘on holatiga hech qanday ta’sir qilmagan va To‘palang suv ombori to‘g‘oniga shikast yetmagan.
Shuningdek, ayni paytda «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi hodisa sabablarini o‘rganish va bunday holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish maqsadida voqea joyiga yetib borgan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlardagi Surxondaryodagi To‘palang suv omboridan suv chiqayotgani aks etgan videolar bo‘yicha FVV suv omboridan chiqayotgan suv tashlamasi rejaviy ko‘rsatkichdan oshib ketganini ma’lum qilgandi. «O‘zbekgidroenergo»ning birinchi munosabatida suv ombori to‘g‘oni suv qo‘yib yuborgani haqidagi xabarlar rad etilgan edi.
To‘palang suv omboridagi avariya: vahima uchun asos bormi?
Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda «To‘palang» gidro elektr stansiyasi agregat uskunalari joylashgan bino suv toshqini ostida qolgani aks etgan.
Tarqalgan videolarda ertalab soat 8:14 da suv bosishidan vahimaga tushgan sariosiyoliklar o‘z yashab turgan manzillarini tark eta boshlagani tasvirlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar baland tog‘da yashovchi qarindoshlarinikiga, boshqalari qo‘shni tuman va viloyatlarga yo‘l olishgan.
Voqeadan ko‘p o‘tmasdan, ertalab soat 10:30 lar atrofida mas’ullar odamlarni tinchlantirib, vaziyat yuzasidan chiqish qilishdi. «To‘palang GeS» unitar korxonasi direktori Asror Ulug‘ov suv omborida hammasi joyida ekanini aytdi.
«Odatdagidek nazorat-o‘lchov ishlari olib borilmoqda. Suv omborida hech qanday xatarli holat bo‘lgani yo‘q. Suv omboridan To‘palang daryosiga suvning quyilishi soniyasiga 600 metr kub hajmga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda suv omboridan daryoga soniyasiga 160 metr kub suv tashlanmoqda. Hech qanday vahimaga hojat yo‘q», — dedi Asror Ulug‘ov.
«To‘palang GES»da sodir bo‘lgan holat yuzasidan stansiya rahbari shunday dedi: «Suvning chiqishi 1–1,5 soat ichida bartaraf etiladi. Sizlarga yana qo‘shimcha ma’lumot uzatamiz».
Mutaxassisning aytishicha, To‘palang suv ombori sig‘imi 500 million metr kub bo‘lib, ayni kunda 378 million metr kub suv jamg‘arilgan.
Sariosiyo tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Rahmonov tekshiruvlarga ko‘ra hech qanday vahimaga tushishga asos bo‘ladigan vaziyat kuzatilmayotganini aytib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ham fuqarolardan vahimaga tushmaslikni, sarosimaga berilmaslikni so‘radi.
«To‘palang suv ombori to‘g‘onida hech qanday talafot yo‘q. Nosozlik suv omboridan «To‘palang GES»ga kiradigan qismida yuzaga kelgan. Nosozliklarning barchasi bugunning o‘zida, qisqa vaqtda bartaraf etiladi. Fuqarolarimizdan vahimaga tushmasliklarini iltimos qilamiz», — dedi To‘ra Bobolov.
Mas’ullarning chiqishi va tushuntirishiga qaramasdan, 23 iyun kuni suv otilib chiqishi borasida feyk video tarqaldi va Sariosiyoda yana aholi o‘rtasida vahima jonlangan.
Mas’ullarning chiqishidan ham, tarqatilgan videolar va Kun.uz manbalarining bergan ma’lumotlaridan ham ma’lum bo‘lmoqdaki, To‘palang suv ombori yorilmagan. Uning to‘g‘oni bus-butun.
Suv ombordan «To‘palang GES» agregatiga boradigan quvurning zadvijkasi yorilgani sababli, quvurdan keragidan ortiqcha suv otilib chiqqan. Mutaxassislar zadvijkani yopishga harakat qilishgan. Biroq hamon tuynukni to‘liq yopishning uddasidan chiqishmagani bois, katta bosim ostida suv favvora bo‘lib otilib chiqyapti (Buni qisilgan rezina shlangdan suvning otilishi bilan qiyoslab tushuntirishdi).
22 iyun kuni soniyasiga 40 kub metr otilgan suv hajmi 23 iyun kuniga kelib, soniyasiga 10 kub metrgacha pasaygan. Buning farqini quyidagi ikkita suratdan ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Mutaxassislar To‘palang suv omboriga hech narsa tahdid solmayotgani, uning to‘g‘oni mustahkam ekanini ta’kidlashmoqda. Suv ombordan GESga eltuvchi quvurda nosozlik vujudga kelgan, xavf bartaraf etilgan. Endi mutaxassislar nosozlikni to‘liq bartaraf etish ustida ish olib borishmoqda.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Surxondaryodagi To‘palang suv omborida qurilgan to‘g‘on yorilib ketgani haqidagi xabarlar rad etildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv ombori to‘g‘oni yorilib ketgani va natijada atrofni suv bosgani haqidagi xabarlar tarqaldi. “Daryo” “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati bilan bog‘lanib, holat yuzasidan izoh oldi.
Aytilishicha, to‘g‘onning yorilib ketgani haqidagi xabarlar mutlaqo noto‘g‘ri.
“Hozirda u yerda joylashgan GESda modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Shu bois u yerda sinov tariqasida suv chiqarilib, GESning faoliyati tekshirib ko‘rilmoqda”, — deydi mas’ul xodim.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi To‘palang suv omboridagi holat bo‘yicha birlamchi ma’lumot berdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda To‘palang suv omborida suv chiqayotganligi to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz. Bugun, 22-iyun kuni soat 08:14 larda To‘palang suv omboridan chiqayotgan suv keskin ko‘tarilgan, To‘palang GES suv ombori loyihasi quvvati 400 mln.m/kub, amalda 378,87 mln.m/kubni tashkil etmoqda. Suv tashlamasi rejaviy 70 m.kub/sek. 2022-yil 22-iyun kuni hozirgi vaqtda 110 m.kub/sek.ni tashkil etmoqda” — deyiladi vazirlik axborotida.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, suv omborining mustahkamligiga ziyon yetmagan, ayni vaqtda chiqarilayotgan suv hajmini kamaytirish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, To‘palang suv ombori 1982-yilda qurila boshlangan bo‘lib, loyiha quvvati 500 million kub metr. Suv ombori to‘g‘onining balandligi 165 metr, yana 22 metr yer ostiga poydevor qilingan, umumiy 187 metrni tashkil qiladi.
Avvalroq Namangandagi suv ombori to‘g‘oni ostidan suv sizib chiqqani aniqlandi.