Sardoba suv ombori yorilganiga 2 yil to‘ldi
2020 yil 1 may, juma kuni soat 05:55. Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori dambasining 6-piket devori yorilib ketdi. Shu kuni sardobaliklar uchun hayotidagi eng katta fojialardan biri sodir bo‘ldi. «Gazeta.uz» fojianing oqibatlari va bunga nima sabab bo‘lgani, voqeadan so‘ng aholini qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirilgan ishlar xronologiyasini bir materialga jamladi.
Ombordan chiqqan suv birinchi navbatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga kirgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi zudlik bilan yaqin hududda istiqomat qiluvchi aholini evakuatsiya qilishni boshladi.
Buning oqibatida katta hudud suv ostida qoldi, 70 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingani xabar berildi. Juma kuni taxminan 17:00 ga kelib suv chiqishi to‘xtadi. Tegishli tashkilotlar qirg‘oqni mustahkamlash ishlarini boshlab yuborishdi.
FVV suv asosan ekin maydonlariga zarar yetkazganligi ma’lum qildi.
2 may kuni hodisa joyiga O‘zbekiston prezidenti ham yetib bordi. Shavkat Mirziyoyev Oqoltin tumani aholisi bilan uchrashuvda sharoit yaxshi bo‘lmaguncha o‘zi va boshqa rahbarlarning hech qayerga ketmasligini ma’lum qildi. Davlat rahbari qurilishlar boshlanishi, sharoitlar yaratib berilishini ta’kidladi.
«2020 yil og‘ir keldi, pandemiya ham bir balo bo‘ldi — mana shu og‘irlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak… Odamlarni vahima qildirmaslik kerak. Ayniqsa ayollar, yoshlarni tinchlantirish kerak. Birorta xonadon, biror aholimiz e’tiborsiz qolmaydi. Joyini ham qilib beramiz, sharoitini ham qilib beramiz», — degandi davlat rahbari.
Sardoba suv ombori hududida yashovchi aholining bir qismi Yangiyer shahriga evakuatsiya qilindi. Ular shahardagi kollej va universitet yotoqxonalariga joylashtirildi. Tadbirkorlar hamda Guliston tuman hokimligi tomonidan shaxsiy himoya vositalari va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat homiylik yordami keltirilgan.
Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirildi.
2 may kuni qo‘shni Qozog‘istonning bir qancha aholi punktlarida ham suv toshishi sodir bo‘ldi. «O‘zbek tomoni asosiy suv oqimlarini pasaytirish uchun sug‘orish kanallari tarmog‘ida shlyuzlarni ochdi. Natijada Turkiston viloyatining Maqtaaral tumani chegaradosh kollektorlarida suv ko‘tarilib, kanallardan suv chiqishi va aholi punktlarida suv toshishiga olib keldi», — deyiladi «Kazinform» agentligi xabarida.
Tuman hokimligi 2 may kuni 01:30 ga yaqin texnogen xarakterdagi favqulodda holat e’lon qilish hamda Jenis, Jana Turmis va Nurli jol aholi punktlaridan aholi va chorva mollarini evakuatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 5400 nafardan ziyod fuqaro evakuatsiya qilindi.
Mudofaa vazirligi tarkibidagi okruglar, jumladan, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar sirdaryoliklarga ko‘mak berish maqsadida Sardoba tumaniga yetib keldi.
Shanba kuni okrug qo‘mondonligi boshchiligida yetib kelgan 2000 dan ziyod harbiy xizmatchilar «Qo‘rg‘ontepa» va «Soflik» mahallasidagi keng ko‘lamli ishlarga jalb qilingan. Shuningdek, okrug tasarrufidagi 200 ga yaqin harbiy texnikalar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ham qo‘l kelmoqda. Buning natijasida aksariyat oilalar o‘z uylariga qayta boshladi.
3 may. «Gazeta.uz» muxbirlari voqea joyiga yetib borib, Sardoba suv omborining o‘pirilgan to‘g‘oni atrofidagi vayronagarchiliklar aks etgan suratlarni e’lon qildi.
Markaziy harbiy okrugning 2000 dan ortiq harbiy xizmatchilari Sardoba tumanidagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun jalb qilingan. Ushbu ishlarga okrug tasarrufidagi 200 ga yaqin harbiy texnikalar ham safarbar qilingan.
5 may. Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida suv toshqinida 4 kishining vafot etgani, 1 kishining bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi.
«Gazeta.uz» «Sardoba suv omborini kim qurgan?» nomli maqolani e’lon qildi. Unda «O‘zbekiston temir yo‘llari» qoshidagi «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» korxonasi Sardoba suv ombori qurilishida bosh pudratchi bo‘lgani, 10 dan ortiq kompaniya esa — subpudratchi ekanligi qayd etilgan. Gidroinshoot qiymati 1,3 trln so‘mni (404 mln dollar) tashkil etgan.
2017 yilning may oyida prezidentga loyiha taqdimoti vaqtida «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning sobiq rahbari Ochilboy Ramatov (hozirda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari), qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shavkat Hamroyev (hozirda suv xo‘jaligi vaziri) va «O‘zsuvenergo» raisi Abdug‘ani Sanginovlar (hozirda «O‘zbekgidroenergo» raisi) ishtirok etgan.
«Gazeta.uz» muxbirlari Sabina Bakayeva va Shuhrat Latipov uylariga qayta boshlagan odamlar bilan suhbatlashdi. Sardoba fojiasi o‘zbek xalqining ofat qarshisida bemisl darajada hamjihat ekanini ko‘rsatdi, mamlakatning har bir hududidan Sirdaryoga texnikalar va minglab tonna insonparvarlik yordami oqib keldi.
8 may. AQSh hukumati Sardoba suv ombori o‘pirilishining oqibatlarini bartaraf etish uchun 100 ming dollar ajratishini xabar qildi. Ushbu mablag‘ suv ombori o‘pirilishi natijasida o‘z uylaridan ko‘chirilgan muhtoj oilalarga oziq-ovqat va boshqa zarur vositalarni tarqatish uchun O‘zbekistonga mazkur inqirozdan qutulish va qayta tiklanishda yordam berishga yo‘naltirilishi aytildi.
16 may. Bosh prokuratura Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi yuzasidan olib borilayotgan jinoiy ish bo‘yicha 4 ta asosiy tergov taxminini tekshirishni boshladi. Ular — loyihalashdagi xatoliklar, qurilish me’yorlariga rioya etmaslik, ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar va tabiiy ofat taxminlari edi. Jami 170 nafardan ziyod kishi so‘roq qilindi.
FVV Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqinidan eng kamida 6 kishi qurbon bo‘lganligi, bir kishi bedarak yo‘qolganligini ma’lum qildi.
23 may. Bosh prokuratura Sardoba suv ombori bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha ikki kishi ishga jalb etilganini, ular mansabga sovuqqonlik bilan qarashga oid jinoyatni sodir etganlikda gumonlanishini ta’kidladi. Ular qamoqqa olindi.
17 iyun. «Sardoba» suv ombori talofatidan zarar ko‘rgan hududlarda ta’mirlash ishlari uchun 200 mlrd so‘m ajratildi. 52,5 ga yer maydonida 2640 xonadonli 66 ta ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish boshlandi.
27 iyul. Soha mutaxassislaridan iborat 30 kishilik komissiya tekshiruvidan so‘ng «Sardoba» suv ombori to‘g‘onining o‘pirilish sabablari aniqlandi. Loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarida qatnashgan 9 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilib, qamoqqa olingan. Qurilishga sarflangan mablag‘larning asosliligi o‘rganilishi boshlandi. Dastlabki tergov muddati 5 oyga uzaytirildi.
6 oktabr. «Sardoba ishi» bo‘yicha o‘sha paytgacha 17 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchilarning 7 nafariga qamoqqa olish, 6 nafariga garov, 4 nafariga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
29 oktabr. Bosh vazir Abdulla Aripov Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sardoba texnogen falokatidan zarar ko‘rgan aholi uy bilan birga doimiy ish o‘rniga ham ega bo‘lishini ta’kidladi. Yangi uylar ko‘chib o‘tishga tayyor va tez orada «qur’a tashlash» yo‘li bilan aholi o‘rtasida taqsimlanadi.
O‘sha kuni avvaliga «yashil» yig‘ma jilddagi fuqarolar, keyinchalik «qizil» jilddagilar uylarga ko‘chirib o‘tkazilishi aytildi. Aholi doimiy ish bilan ta’minlanib, bolalar maktablarda chet tillari va IT sohasi bo‘yicha o‘qitiladi.
21 dekabr. Sudlanuvchilar M. Xolmatov va boshqalarga (jami 17 kishi) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni boshlandi.
2021 yil 28 yanvar. Sardoba toshqinidan jabr ko‘rganlarga uy-joylar taqsimlanishida birinchi navbatda hujjatlarida muammosi bo‘lmagani uchun 1430 ta xonadon egalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan. Muammo va kamchiliklari bo‘lgan 724 ta hujjatlar Xalq deputatlari tuman Kengashlari sessiyalarida ko‘rib chiqilib, sessiya qarorlariga asosan uy ajratilishi rad etilgan.
10 may. «Sardoba ishi» bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» UK bosh direktori o‘rinbosari 10 yil, yana 4 sudlanuvchi 5 yil, bir nafari 4 yilga qamaldi. 3 kishiga ozodlikni cheklash va jarima jazolari tayinlandi.
Shuningdek, sudlanuvchilardan o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish oqibatida hamda «Sardoba» suv ombori o‘pirilishi natijasida yetkazilgan zararlarni undirish choralari belgilandi.
12 oktabr. Prezidentlikka O‘zLiDeP partiyasidan nomzod va amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Buxoroda saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi bilan bog‘liq fojiani yodga oldi.
«Hozir ayta olaman, umrimda, kinoda ham men bunday voqeani ko‘rmaganman. Odamlar suvning ichida, bolalar daraxt ustida edi. Milliy gvardiyadan [harbiy xizmatchilar orasida] qurbonlar bo‘ldi, ammo odamlarning hayotini saqlab qoldik», — dedi u.