O‘zbekistonning ichki suvlari va suv boyliklari
Ichki suvlarga daryolar, ko‘llar, muzliklar, yerosti suvlari kiradi. O‘zbekiston ichki suvlari orasida inson hayoti va xo‘jalik faoliyati uchun eng muhimi daryolardir.
Daryolari. Respublikamiz daryolari berk havzaga kiradi va ular hudud bo‘yicha notekis taqsimlangan. Daryolar, asosan, tog‘lardan boshlanadi, tekislikka chiqqach, sug‘orishga sarflanib, yerga shimilib, bug‘lanib, suvi kamayib qoladi, ayrimlari cho‘llarda tugaydi.
O‘zbekiston daryo tarmoqlarining zichligi hudud bo‘yicha bir xil emas. Tekislik qismida daryolar juda siyrak bo‘lib, har kv km maydonga daryoning 20 m uzunlikdagi qismi to‘g‘ri keladi. Aksincha, tog‘ va adirlarda daryolar tarmog‘i zich. Bunga asosiy sabab, tog‘larda tekislikdagiga nisbatan yog‘inlar ko‘p tushadi, harorat pastligidan mumkin bo‘lgan bug‘lanish va shimilish kam bo‘ladi. Natijada, yog‘inning ko‘p qismi daryo oqimiga aylanadi.
O‘zbekistonning tog‘ daryolari tor o‘zanda tez, shiddat bilan oqadi. Ular, asosan, tagini yuvib, sharshara va ostonalar hosil qiladi. Tekislikka chiqqach esa keng vodiyda tarmoqlanib, sekin oqadi.
O‘zbekiston daryolari to‘yinish jihatidan ham bir xil emas. Respublikamizdagi Amudaryo, Zarafshon, Isfayramsoy, Norin, So‘x, Isfara kabi daryolarning bosh qismi 4500 m dan baland tog‘lardagi muzliklar va doimiy qorlarning erishidan to‘yinadi. To‘linsuv davri iyul — avgustga to‘g‘ri keladi, chunki yoz oylarida havo haroratining ko‘tarilishi tufayli muz va qorlar tez eriydi.
O‘zbekistonning 3400 m balandlikdan boshlanuvchi Sirdaryo, Norin, Qoradaryo, Chirchiq, Surxondaryo kabi daryolari qor va muz suvlaridan to‘yinadi. Bu daryolarda suv may —iyun oylarida ko‘payib ketadi. Suvining kamayishi dekabr — fevral oylariga to‘g‘ri keladi.
Respublikamizda Qashqadaryo, G‘uzordaryo, Sangzor, Ohangaron, G‘ovasoy kabi daryolar balandligi 3400 m dan ortmaydigan tog‘lardan boshlanadi. Bu daryolarning suvi ertaroq, ya’ni aprel — may oylarida, qorlarning erishi natijasida ko‘payadi va yillik oqimning 60 foizi shu oylarga to‘g‘ri keladi. Yozda daryolar suvi kamaya boshlaydi.
O‘zbekistonning 2000 m dan past tog‘laridan boshlanuvchi Zominsuv, Sheroboddaryo, To‘sunsoy kabi daryolari, ko‘plab soylar, qor-yomg‘ir va yerosti suvlaridan to‘yinadi. Shu sababli bu daryolarning suvi bahorda — aprel — may oylarida ko‘payadi va yillik oqimning 80 foizini tashkil etadi. Aksincha, yozda daryolar suvi juda kamayib, ba’zi soylarning suvi qurib qoladi.
O‘zbekiston daryolari tog‘li qismida shiddat bilan oqishi sababli ularning ko‘p qismi muzlamaydi. Faqat nishab kam bo‘lgan keng vodiylardagina qisman yoppasiga muzlashi mumkin. Tekislik qismidagi daryolari esa bir-ikki oy muzlaydi, lekin respublikaning janubiy qismidagi daryolar muzlamaydi.
Amudaryo O‘rta Osiyoning eng sersuv va suv yig‘adigan maydoni juda katta bo‘lgan daryosidir. Daryoni qadimda arablar Jayxun, yunonlar Oks, mahalliy xalqlar Omul deb atagan.
Sirdaryo O‘rta Osiyodagi eng uzun (Norin daryosining boshlanish joyidan — 3019 km) daryo hisoblanib, sersuvligi jihatidan Amudaryodan so‘ng, ikkinchi o‘rindadir. Sirdaryoni arablar Sayxun, yunonlar Yaksart deb atagan.
Chirchiq daryosi — Sirdaryoning eng sersuv o‘ng irmog‘idir. U Chatqol va Piskom daryolarining Chorvoq botig‘ida qo‘shilishidan vujudga keladi. Chirchiq daryosining uzunligi Chatqol bilan birga 397 km ni tashkil etadi.
Chirchiq qor-muz suvlaridan to‘yinadi. Shu sababli uning to‘lin suv davri mart — iyun (53 foiz) oylariga, eng kam suv davri esa dekabr — fevral oylariga to‘g‘ri keladi. Daryoning yillik o‘rtacha ko‘p suv sarfi Xo‘jakent yonida sekundiga 224 m.kub , eng ko‘pi bahorda sekundiga 2100 m.kub , eng kami qishda sekundiga 22 m.kub.
Zarafshon.Bu daryo Turkiston va Zarafshon tog‘lari tutashgan Ko‘ksuv tog‘ tugunidagi Zarafshon muzligidan Mastchoh nomi bilan boshlanadi. U Ayniy qishlog‘i yonida Fandaryo bilan qo‘shilgach, Zarafshon nomini oladi.
Zarafshon ilgari Amudaryoga 20 km yetmasdan Sandiqli cho‘li qumlariga shimilib ketar edi. Zarafshon daryosining uzunligi muzlikdan Sandiqli qumlarigacha 877 km edi. Hozirda uning suvi ko‘plab sug‘orishga sarflanishi sababli u yerlarga yetib bormayapti.
Zarafshon muz-qorlarning erishidan to‘yinib, to‘linsuv davri iyun — avgustga, eng kam suv davri esa qishga to‘g‘ri keladi. Daryoning o‘rtacha suv sarfi Ravothoji to‘g‘onida sekundiga 165 m.kub, eng ko‘p suv sarfi sekundiga 930 m.kub, eng kam suv sarfi sekundiga 24 m.kub.
Zarafshon daryosining bir yillik suv miqdori 5,4 km.kub bo‘lib, shundan 5,2 km.kub Tojikiston hududida vujudga kelgan oqimga, 254 mln m.kub esa O‘zbekiston hududidan boshlanuvchi (uzunligi 10 kmdan ortiq bo‘lgan 137 ta) irmoq soylariga to‘g‘ri keladi. Bu soylarning suvi bahorda ko‘payib, yozda juda kamayib ketadi.
Zarafshon daryosi o‘rtacha yillik oqimining 55 foizi iyul — sentabr oylariga to‘g‘ri keladi va bu davrda u juda loyqa bo‘lib oqadi.
Zarafshon daryosi tog‘li qismida tez oqqanligidan muzlamaydi. Tekislik qismida qish sovuq kelganda 76 kungacha, iliq kelganda esa 2-3 kun muzlashi mumkin.
Qashqadaryo— Hisor tizmasining g‘arbiy qismidan boshlanadi va Muborakka yetmasdan qurib qoladi. Daryoning uzunligi 373 km.
Qashqadaryo qor suvlaridan to‘yinishi sababli eng ko‘p suv sarfi may oyiga, eng kam suv sarfi esa oktabr —dekabr oylariga to‘g‘ri keladi. Qashqadaryoning o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi Varganza qishlog‘i yonida sekundiga 5,46 m.kub ni tashkil etadi. Qashqadaryo havzasida (barcha irmoqlarini hisobga olganda) yiliga o‘rtacha sekundiga 51,5 m.kub oqim vujudga kelib, shuning 58,3 foizi mart — iyun oylariga to‘g‘ri keladi.
Surxondaryo — Hisor tog‘ tizmasi g‘arbiy qismining janubiy yonbag‘ridan boshlanuvchi To‘polondaryo bilan Qoratog‘daryoning qo‘shilishidan vujudga keladi. So‘ng 196 km masofada oqib Amudaryoga kelib quyiladi.
Surxondaryo, asosan, qor va muz suvlaridan to‘yinadi. Shu sababli to‘lin suv davri mart — iyun oylariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda yillik daryo suvining 65,2 foizi oqib o‘tadi. Eng kam suv sarfi sentabr —oktabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Surxondaryoning o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi (Qorovultepa qishlog‘i yonida) sekundiga 70,2 m.kub ni tashkil etadi. Surxondaryo loyqa daryolardan bo‘lib, Morguzar qishlog‘i yonida har m.kub suvida 2,9 kg loyqa bor.
Ohangaron daryosi Chatqol va Qurama tog‘laridan suv to‘plovchi soylarning qo‘shilishidan vujudga kelgan Oqtoshsoy (Chovlisoy) nomi bilan boshlanadi va 236 km masofada oqib, Sirdaryoga quyiladi. Daryo tog‘li qismida chuqur va tor o‘zanda oqib, Obliq qishlog‘idan o‘tgach, o‘zani kengayib, oqimi sekinlashadi.
Ohangaron daryosining to‘yinishida qor suvlarining salmog‘i katta. Shu sababli uning to‘lin suv davri aprel-may oylariga, eng kam oqimi dekabr — yanvar oylariga to‘g‘ri keladi.
Ohangaron daryosining Turk qishlog‘i yonida yillik o‘rtacha ko‘p suv sarfi sekundiga 23,5 m.kub ni tashkil etadi.
O‘zbekistonda suv boyliklari quyidagicha taqsimlangan: respublika hududiga yiliga 95,642 km.kub daryo oqib kiradi. Shuning 52,291 km.kub Amudaryo havzasiga, 43,351 km.kub esa Sirdaryo havzasiga to‘g‘ri keladi.
Binobarin, O‘zbekiston amalda yiliga o‘rtacha 57,781 km.kub atrofida suvdan foydalanadi. Bu suvning 41,472 km.kub Amudaryo havzasiga, 16,309 km.kub Sirdaryo havzasi ulushiga to‘g‘ri keladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.
Rasul Kusherbayev Chirchiq daryosi bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi
Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Chirchiq daryosi va uning atrofida yuzaga kelayotgan ekologik vaziyat yuzasidan fikr bildirdi.
Qayd etilishicha, Chirchiq daryosining relyefi buzilishi natijasida daryo o‘zani sathi Toshkent viloyati hududida 2-3 metrgacha, Toshkent shahri Rohat ko‘li yaqinida avvalgiga nisbatan 10 metrgacha pasayib ketgan.
Bunda ko‘p yillik qirg‘oqlar orasidagi masofa 300-350 metrgacha kengayib, daryo o‘zani bir necha bor o‘zgartirilgan. Qum-shag‘al materiallarini tartibsiz va ruxsatsiz qazish natijasida yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi kuzatilmoqda.
“Daryoning muhofaza zonasidagi 530 gektar maydonni egallagan Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaligining Saksonota va Yangiyo‘l o‘rmon xo‘jaligi bo‘limlariga qarashli o‘rmon va to‘qayzorlar butkul nobud qilinib, daryo vodiysida yashillik olami yo‘qotilgan. Bu o‘z o‘rnida ixtiofaunaga boy bo‘lgan Chirchiq daryosida baliq zaxiralarining qirilib ketishiga olib keldi”, – deya yozgan Kusherbayev o‘zining “Telegram” kanalida.
Uning fikricha, “Toshkent shahri va viloyatining asosiy hayot manbayi hisoblangan Chirchiq shu tariqa ko‘z o‘ngimizda o‘lik daryoga aylantirilmoqda”.
Qayd etishish mumkin, O‘zbekistonning asosiy suv havzalaridan biri sanalgan Chirchiq daryosining uzunligi 155 kilometrni tashkil etadi.
Bu video ko’rinishi uchun sizning brauzeringiz JavaScript’ni qo’llab quvvatlashi kerak